calendar 15 Oktabr 14:51

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov: “Maqsadimiz aholining ichimlik suv ta’minotini yanada yaxshilash”

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov: “Maqsadimiz aholining ichimlik suv ta’minotini yanada yaxshilash”

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov bugun navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish” o‘ta muhim vazifalardan biri ekanligiga alohida to‘xtaldi.

 

Ta’kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturida ichimlik suv ta’minoti bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirish, kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suv ta’minoti 90 foizga yetkazish maqsad qilib belgilangan.

 

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun esa bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib boriladi, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, yangilarini qurish, eskirganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur, loyihalar ishlab chiqilishi, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish orqali shahar va tumanlarning ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tizimi ta’minoti yaxshilanadi.

 

– Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanadi, – dedi Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov.

 

– Ichimlik suvi ta’minoti loyihalarida bozor mexanizmlarini joriy etishga, loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar suv hisoblagichlarning o‘rnatilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishiladi.

Nomzodning navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

 

Manba : UzA

birds birds