calendar 14 Oktabr 15:00

Ishonchli vakil piskentliklar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili N.Aminov ishtirokida viloyatning tuman va shaharlarida saylovoldi uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Piskent tumanidagi 7- umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturidagi muhim yo‘nalishlar, ulardan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

 

Jumladan, nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda ham suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanishi, brakonerlik hamda hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabanda savdosini cheklash bo‘yicha keskin choralar ko‘rilishi, ekologiya sohasidagi siyosatni amalga oshirishda deputatlik va jamoatchilik nazorati institutini kuchaytirishni va takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlash, bioxilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirishning imkonini beruvchi mukammal huquqiy baza yaratilishi haqidagi ustuvor yo‘nalishlar saylovchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” shiori ostida saylovoldi dasturining bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotni barcha sohalariga keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etishdan iborat ekani tushuntirildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

birds birds