• I. UMUMIY QOIDALAR

    1.1. O‘zbekiston Ekologik partiyasi (bundan buyon matnda - Partiya deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqlarini, qonuniy manfaatlarini va siyosiy irodalarini ifodalovchi umummilliy siyosiy tashkilot hisoblanadi.

    1.2. Partiya atrof muhit va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha faoliyatda ongli ravishda va mas’uliyat bilan ishtirok etadigan, umumiy qarashlarga, qiziqishlarga va mushtarak maqsadlariga ega bo‘lgan hamda mamlakatning barqaror rivojlanishi va ekologik xavfsizligi ta’minlash  bo‘yicha jamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi mamlakat fuqarolarini ixtiyoriylik asosida birlashtiradi.

    1.3. Partiya jamiyatning siyosiy hayotida: ijtimoiy va siyosiy tadbirlarda, saylovlarda, referendumlarda, shuningdek davlat boshqaruvida, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida ishtirok etish orqali mamlakatning hozirgi va kelgusi avlodining qulay atrof muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan.

    1.4. Partiya fuqarolarning hayoti va salomatligini yuqori sifat darajasiga erishishga, ekologik tizimlar va tabiiy resurslarni saqlashga qaratilgan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi.

    Partiyaning bosh shiori - «Biz kelajak uchun javobgarmiz!»

    1.5. Partiya O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan.

    1.6. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, boshqa qonun hujjatlari hamda Partiya Dasturi va ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.

    1.7. Partiyaning faoliyati Vatanga, atrof muhit va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish va mamlakatning tabiiy resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ishlarida fidokorona xizmat qilish, Partiyaga kirish va Partiyadan chiqishning ixtiyoriyligi, partiyaviy intizom, o‘zini o‘zi boshqarish, rahbar organlarining saylanishi, o‘z a’zolarining teng huquqliligi, qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik printsiplari asosida amalga oshiriladi.

    1.8. Partiya o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha, Partiya a’zolari esa Partiyaning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

    1.9. Partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytidan boshlab yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining muhri, tamg‘asi, blanki, O‘zbekiston banklarida hisob raqamiga, mol-mulkka, mulkiy va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega bo‘ladi.

    1.10. Partiya O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatga olingan o‘zining ramzlari sifatida emblema, bayroq va vimpellariga ega bo‘lishi mumkin.

    1.11. Partiya faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiradi.

    1.12. Partiyaning to‘liq rasmiy nomi:

    o‘zbek tilida: «O‘zbekiston Ekologik partiyasi»;

    rus tilida: «Ekologicheskaya partiya Uzbekistana».

    ingliz tilida: «Ecological Party of Uzbekistan».

    1.13. Partiyaning doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organi joylashgan manzili: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 59-uy.

    1.14. Partiya faoliyatining muddati cheklanmagan.

     

  • 2.1. Partiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

    2.1.1. Mamlakatning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash.

    2.1.2. Atrof-muhit muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashish.

    2.2. O‘z maqsadlariga erishish uchun Partiya quyidagi vazifalarni hal etadi:

    mamlakatda atrof muhit holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni kompleks hal etishga yo‘naltirilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surish;

    atrof muhitni muhofaza qilish, aholining sog‘lig‘ini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

    O‘zbekistoning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda ekologiya sohasidagi xalqaro konventsiya, shartnoma va kelishuvlarga qo‘shilish;

    Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlari va  deputatlari orqali siyosiy tashabbuslarni ilgari surish;

    mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilikni ijrosini ta’minlashda davlat organlari, biznes va jamoat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish;

    Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilash, boshqa ekologik noqulay hududlarda atrof muhitni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini saqlash, ekologik muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan innavatsion g‘oya va texnologiyalarni, dastur va loyihalarni  qo‘llab-quvvatlash;

    mamlakatda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishga, qayta tiklanuvchi va boshqa muqobil energiya manbalarini, ekologik toza, chiqitsiz (kam chiqitli) texnologiyalar va innovatsion yechimlarni tadbiq etish jarayonlarini faollashtirish;

    suv resurslarining yetishmasligi va ifloslanishi, cho‘llanish, yerlarning tanazulli, atmosfera havosining ifloslanishi,  biologik xilma-xillikning qisqarishi jarayonlarini to‘xtatish, shuningdek iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

    mamlakat manfaatlarini hisobga olgan holda transchegaraviy suv oqimlarining suv resurslaridan adolatli foydalanishga yo‘naltirilgan  tashabbuslarni ilgari surish va  harakatlarni qo‘llab-quvvatlash;

    aholining, ayniqsa qishloq joylarida toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni yaxshilash, mavjud suv chiqarish va kanalizatsiya inshootlarini modernizatsiya qilish, suv o‘tkazish tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish;

    mamlakatda ekologik tizimlarni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni va ekologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish;

    uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, aholining ekologik madaniyati darajasini yuksaltirish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish;

    davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, Partiyaning maqsad va vazifalari, mavjud ekologik muammolar va ularning yechimi bo‘yicha aholining xabardorlik darajasini oshirish; 

    yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga va yoshlarni tabiat hamda uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish;

    atrof muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, korxonalar va muassasalar, siyosiy partiyalar, NNT, OAV, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalarni hal etishga xorijiy va xalqaro xamkorlarni jalb etish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish.

  • 3.1. Partiyaga 18 yoshga to‘lgan, uning manfaatlari va maqsadini qo‘llab-quvvatlaydigan, Partiya Ustavini tan oladigan va talablariga rioya qiladigan hamda uning faoliyatida faol ishtirok etadigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi a’zo bo‘lishi mumkin.

    3.2. Partiyaga a’zolik  ixtiyoriylik asosida, yakka, qayd etiladigan tartibda amalga oshiriladi.

    3.3. Partiyaga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yozma arizasi asosida boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi yoki uning Kengashi qarori asosida amalga oshiriladi.

    3.4. Partiyaga qabul qilish Partiyaning tegishli tuman (shahar) tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

    3.5. Partiya a’zosiga Partiyaning a’zolik bileti beriladi.

    3.6.Partiya a’zosi ayni paytda boshqa partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin emas. 

    3.7. Partiyaga a’zolik quyidagi hollarda tugatiladi:

    ixtiyoriy hohish bildirganda (boshlang‘ich, tuman yoki shahar tashkilotiga yozma ariza asosida);

    O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum bo‘lganda; 

    harbiy xizmatga, davlat xavfsizlik idoralariga, ichki ishlar organlariga o‘tganda, prokuror yoki prokuratura tergovchisi, sudya etib tayinlanganda (saylanganda) va qonun hujjatlarida partiyaga a’zo bo‘lish cheklangan lavozimlarga tayinlangan boshqa holatlarda; 

    Partiyaning Ustaviga rioya etmaganlik, shuningdek Partiya obro‘sizlantiruvchi yoki uning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirishda to‘sqinlik qiladigan boshqa harakatlar sodir etganda;

    boshqa partiyaga a’zo bo‘lib kirganda;

    vafot etganda.

    3.8. Partiyaga a’zolikni tugatish, shu jumladan uning safidan chiqarish xamda Partiyaga a’zoligini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi yoki uning Kengashi, tuman (shahar) partiya tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

    3.9. Partiya a’zosi qonun hujjatlariga asosan siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lish huquqi cheklangan lavozimlarga tayinlangan taqdirda Partiyaga a’zolikni to‘xtatadi. A’zolikni to‘xtatish Partiya a’zosi ushbu lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran tuman (shahar) yoki boshlang‘ich tashkilotning yozma xabarnomasi asosida amalga oshiriladi. 

    3.10. Partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi. Partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror ustidan yuqori partiya organlariga shikoyat qilinishi mumkin.

    3.11. Partiya a’zolarining hisobi hisob varaqasi, elektron ma’lumotlar bazasi va Partiya a’zolari ro‘yxatiga asosan amalga oshiriladi. 

  • 4.1. Partiya a’zosi quyidagi huquqlarga ega:

    Partiyaning  dasturiy va boshqa hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

    turli darajadagi partiya tashkilotlari o‘tkazadigan tadbirlarda ishtirok etish va ularni  o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatish;

    Partiyaning rahbar organlariga saylash va saylanish;

    Partiyadan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, davlat hokimiyati vakillik organi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatilish; 

    Partiyadan davlat, xalqaro, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga vakil sifatida tavsiya qilinish;

    o‘zining fikrlarini erkin ifoda etish, Partiyaning faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilish, yozma yoki og‘zaki shaklda takliflar bilan chiqish;

    Partiyaning barcha bo‘g‘indagi organlariga o‘zini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha murojaat qilish va tegishli javob olish;

    Partiya faoliyati va uning saylanadigan organlari haqida ma’lumot olish;

    Partiyaga yangi a’zolarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish.

    Partiya a’zosi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

    4.2. Partiya a’zosi:

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, axloq printsiplari va jamiyatning ma’naviy mezonlariga rioya qilishi;

    Partiya Dasturi va Ustavi talablarini bajarishi;

    Partiyaning rahbar organlari qarorlarini ijro etishi;

    Partiya manfaatlarini himoya qilishi, uning g‘oya, maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishi hamda ularni hayotga tatbiq etishda faol qatnashishi;

    Partiya faoliyatida shaxsan ishtirok etishi, uning nufuzi oshishiga hissa qo‘shishi;

    a’zolik badallarini o‘z vaqtida  to‘lashi;

    davlat hokimiyati vakillik organlariga deputat bo‘lib saylanganda Partiyaning deputatlik birlashmasiga a’zo bo‘lishi va o‘z faoliyatini Partiya Se’zdi, rahbar organlari va hududiy tashkilotlari qarorlari asosida amalga oshirishi;

    yashash joyi o‘zgarganda bu haqda tegishli tuman (shahar) partiya tashkilotini xabardor qilishi shart.

  • 5.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga muvofiq hududiy printsip bo‘yicha tashkil etiladi. Partiya tarkibiga markaziy organlar, hududiy partiya tashkilotlari, ularning tuman (shahar) va boshlang‘ich partiya tashkilotlari kiradi.

    5.2. Qaraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy partiya tashkilotlari tuziladi.

    5.3. Tuman (shahar)larda tuman (shahar) partiya tashkilotlari tuziladi.

    5.4. Yashash manzili yoki ish joyi bo‘yicha partiya a’zolari faoliyatini birlashtirish va muvofiqlashtirish uchun boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuzilishi mumkin.

  • 6.1. Partiyaning oliy boshqaruv  organi Partiya S'yezdi (bundan buyon matnda - S'yezd deb yuritiladi) hisoblanadi, u kamida besh yilda bir marta chaqiriladi. 

    6.2. Navbatdan tashqari S'yezd Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining, Partiya Markaziy nazorat-taftish komissiyasining taklifiga ko‘ra yoki Partiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismini birlashtiruvchi bir nechta partiyaning tashkilotlarining talabiga ko‘ra Markaziy Kengash  qarori bilan chaqiriladi.

    6.3. S'yezd delegatlari Partiyaning hududiy tashkilotlari konferentsiyalarida saylanadi.

    6.4. S'yezdning vakolatlariga quyidagilar kiradi: 

    Se’zdning zarur rahbar va ishchi organlarini saylash, Se’zd delegatlarining vakolatlarini tekshirish, o‘zining ish tartibini belgilash;

    Partiya Ustavini va Dasturini qabul qilish hamda tasdiqlash, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;

    Partiya faoliyatining asosiy strategik yo‘nalishlarini belgilash;

    Partiyaning matbuot organini tasdiqlash;

    Partiyaning Markaziy Kengashi, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish  va tasdiqlash;

    Partiyaning Markaziy nazorat-taftish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;

    Partiyani tugatish va qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish;

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish kiradi.

    S'yezd Partiya Ustaviga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

    6.5 S'yezd qarorlari Partiyaning barcha organlari, tashkilotlari va a’zolari uchun majburiy kuchga ega.

    6.6. S'yezdlar orasidagi davrda Partiyaning markaziy rahbar organi Partiya Markaziy Kengashidir. U Partiyaning manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish yuritadi, Partiya Dasturini, S'yezdlar va Partiya Markaziy Kengashining Plenumlari qarorlarini ro‘yobga chiqarish kabi masalalarni amalga oshiradi.

    6.7. Partiya Markaziy Kengashining a’zolari S'yezdda hududiy partiya tashkilotlari vakillari tarkibidan besh yil muddatga saylanadi. Partiya Markaziy Kengashi a’zolarining soni S'yezd tomonidan belgilanadi.

    6.8. Partiya Markaziy Kengashining Plenumi Partiya Markaziy Kengashining asosiy faoliyat shakli bo‘lib, yiliga kamida bir marta chaqiriladi va a’zolarining yarmidan ortiq a’zosi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. Partiya Markaziy Kengashi a’zolarining uchdan birining tashabbusiga ko‘ra navbatdan tashqari Plenum chaqirilishi mumkin.

    6.9. Partiya Markaziy Kengashining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    Partiyaning faoliyatiga rahbarlik qilish;

    navbatdagi va navbatdan tashqari S'yezd chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

    Se’zdni o‘tkazish joyi va muddatini, kun tartibini, delegatlarni saylash tartibi va vakillik me’yorlarini belgilash;

    Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, uning raisi va o‘rinbosarlarini saylash;

    S'yezdlar oralig‘idagi davrda Partiya Markaziy Kengashi tarkibidan chiqib ketgan a’zolari o‘rniga yangi a’zolarni saylash va ularni keyinchalik navbatdagi S'yezd tasdig‘iga kiritish;

    mamlakatining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarga doir Partiyaning nuqtai nazarini belgilash;

    Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlarda ishtirok etish to‘g‘risidagi qarorini qabul qilish;

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish taklifini ko‘rib chiqish uchun S'yezdga kiritish;

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish taklifini ko‘rib chiqish uchun S'yezdga kiritish;

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatish;

    partiya fraktsiyasi va davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlari, shuningdek partiyaning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati, ular yuzasidan qabul qilingan tegishli qarorlar to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;

    Partiyaning moliyaviy siyosati asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, partiya byudjetini tasdiqlash;

    Partiya va uning hududiy partiya tashkilotlari hisob raqamlariga tushgan mablag‘lar, shuningdek a’zolik badallaridan foydalanish tartibini belgilash;

    hududiy partiya tashkilotlarini tashkil etish va ular haqidagi Nizomlarni tasdiqlash;

    Partiyaning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;

    Partiya bosma organi bosh muharririni lavozimiga tayinlash va egallab turgan lavozimidan ozod etish, tahririyat Ustavini hamda tahririyat hay’ati tarkibini tasdiqlash;

    a’zolik badallari miqdorini va ularni to‘lash tartibini belgilash.

    Partiya ramzlarini tasdiqlash;

    S'yezd tomonidan unga berilgan boshqa vakolatlar.

    6.10. Partiya Markaziy Kengashi S'yezdga hisobdordir.

    6.11. Partiya Markaziy Kengashi mazkur Ustavda ko‘rsatilgan vakolatlaridan ba’zilarini Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya qo‘mitasiga berishi mumkin.

    6.12. Partiya Markaziy Kengashining Plenumlari oralig‘i davrida Ijroiya qo‘mitasi unga S'yezd va Partiya Markaziy Kengashi tomonidan berilgan vakolatlari doirasida Partiya manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan harakat qiladi. 

    6.13. Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi majlislari zarur bo‘lgan hollarda, lekin kamida uch oyda bir marta o‘tkaziladi. 

    6.14. Partiyaning Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    hududiy partiya tashkilotlarining faoliyatiga rahbarlik qilish;

    S'yezdlarni va Partiya Markaziy Kengashi Plenumlarining chaqirish va o‘tkazish;

    S'yezdlar va Partiya Markaziy Kengashi Plenumlarining qarorlarini ijro etish;

    Partiya Dasturini amalga oshirilishiga salmoqli hissa qo‘shgan Partiya a’zolarni davlat mukofotlariga taqdim etish;

    Partiya a’zolarining markazlashtirilgan hisobini yuritish;

    Partiya a’zolik badallari kelib tushishining hisobini yuritib borish;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat, tuman (shahar), hududiy partiya tashkilotlari shuningdek, boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va joylarda davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhi a’zolari, partiyaning boshqa a’zolari va faollarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkillashtirish;

    davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik doirasida qabul qilingan dastur va rejalarni ijro etilishini ta’minlash;

    Partiyaning yillik byudjeti loyihasini ishlab chiqish va Partiya Markaziy Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish;

    Partiya tashkilotlari va korxonalarini tashkil etish, ularning Ustavlarini tasdiqlash, rahbarlarini tayinlash va ularning faoliyatini nazorat qilish;

    Partiya oldida turgan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida Partiya Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi huzurida komissiyalar, ishchi va ekspert guruhlarini shakllantirish;

    hududiy partiya tashkilotlarining Kengashlari Ijroiya qo‘mitalari raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlash;

    Partiyaning tuman (shahar) partiya tashkiloti va boshlang‘ich partiya tashkiloti to‘g‘risidagi nizomlarini tasdiqlash;

    Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi o‘rinbosarlarini, hududiy partiya tashkiloti, tuman (shahar) partiya tashkilotlari kengashi ijroiya qo‘mitalari raisini va boshlang‘ich partiya tashkiloti raisini funktsiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlarini begilovchi mansab yo‘riqnomalarini tasdiqlash;

    6.15. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Partiya ishtirok etadigan saylov kampaniyalarini o‘tkazilishida mas’uldir.

    6.16. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Partiya Markaziy Kengashiga hisobdordir.

    6.17. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarorlar qabul qiladi, mazkur hujjatlar Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi yoki uning tegishli yo‘nalishdagi o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi. 

    6.18. Joriy faoliyatini amalga oshirish uchun Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni tashkil etiladi.

    6.19. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi quyidagi vakolatlarga ega: 

    Partiya Markaziy Kengashi Plenumlariga raislik qilish;

    Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi majlislarida raislik qilish;

    Partiya Markaziy Kengashi va uning Ijroiya qo‘mitasi qarorlarini imzolash;

    Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, hududiy partiya tashkilotlari devonlarining shtatlar jadvali va xodimlarning mansab yo‘riqnomalari, shuningdek ularning ish tartibini tasdiqlash;

    tashkilot nomidan ishonchnomasiz ish yuritish, ishonchnomalar berish, belgilangan tartibda Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari, shuningdek Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni xodimlari, hududiy partiya tashkilotlari Kengashlari Ijroiya qo‘mitalarining raisi va o‘rinbosarlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, Partiya faoliyatiga oid moliyaviy va boshqa hujjatlarni imzolash;

    Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, siyosiy partiyalar, ilmiy va ta’lim muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish;

    Partiya Ustaviga muvofiq S'yezd, Markaziy Kengashi va uning Ijroiya Qo‘mitasining vakolatlariga kirmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

    6.20. Partiyaning Markaziy nazorat-taftish komissiyasi (bundan buyon Partiya MNTK) Partiyaning markaziy nazorat qiluvchi organi bo‘lib, Partiyaning mansabdor shaxslari va ijroiya organlari, quyi partiya tashkilotlari ustidan ushbu Ustav talablari hamda Partiya rahbar organlarining qarorlarini bajarishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qiladi.

    6.21. Partiya MNTK O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, S'yezd tomonidan tasdiqlangan Nizom va ushbu Ustav asosida o‘z faoliyatini olib boradi.

    6.22. Partiya MNTK S'yezdda besh yil muddatga saylanadi. Markaziy Kengash a’zolari Partiya MNTK a’zoligiga saylanishi mumkin emas. Partiya MNTK a’zolarining soni S'yezd tomonidan belgilanadi.

    6.23. Partiya MNTKning birinchi majlisida Partiya MNTKning raisi va o‘rinbosarlari saylanadi.

    6.24. Partiya MNTK vakolatlariga quyidagilar kiradi: 

    Partiya rahbar organlari va barcha darajadagi partiya tashkilotlari tomonidan Partiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, Partiya Dasturi va Ustavining qoidalari, S'yezdlar, hududiy  tashkilotlar konferentsiyalari, Markaziy Kengash Plenumlari qarorlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish;

    Partiya va uning tuzilmalari moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish hamda tekshirish, Partiyaning moliyaviy, tadbirkorlik va boshqa faoliyati sohalarida amaldagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, Partiya moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini har yillik taftishlarini amalga oshirish.

    S'yezdlar oralig‘idagi davrda Partiya MNTK tarkibidan chiqib ketgan a’zolari o‘rniga yangi a’zolarni saylash va ularni keyinchalik navbatdagi S'yezdda tasdig‘iga kiritish;

    Partiya faoliyatida taftishlarni o‘tkazishda barcha Partiya mansabdor shaxslari va shtatdagi xodimlardan zarur hujjatlarni talab qilishi;

    aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar va takliflarni Partiya rahbar organlariga kiritish.

    6.25. Hududiy, tuman (shahar) partiya tashkilotlarining nazorat-taftish komissiyalari Partiya MNTK talabiga ko‘ra partiya tashkilotining Partiya rahbar organlari qarorlarining bajarilishi, Partiya Ustaviga va moliyaviy intizomga rioya qilinishi borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi zarur hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishlari shart.

    6.26. Partiya MNTK S'yezd oldida hisobdordir.

    6.27. Partiya MNTK a’zolari barcha darajadagi Partiya rahbar organlarining majlislarida maslahat ovozi bilan ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

    6.28. Partiya MNTK mazkur Ustav va S'yezd  qarorlaridan kelib chiqadigan boshqa vakolatlarni amalga oshirishi mumkin.

  • 7.1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida tashkil etilgan hududiy partiya tashkilotlari Partiyaning bo‘linmalari hisoblanadi.

    7.2. Hududiy partiya tashkilotlari joylarda Partiyaning maqsadlariga erishish va dasturiy vazifalarining hal etilishini ta’minlash uchun tumanlar (shaharlar)da shakllantirilgan partiya tashkilotlari faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida tuziladi.

    7.3. Hududiy partiya tashkilotlari Partiya Markaziy Kengashi qarori bilan tashkil etiladi.

    7.4. Hududiy partiya tashkiloti mazkur Ustav va o‘zining Nizomi asosida faoliyat yuritadi.

    7.5. Hududiy partiya tashkiloti yuridik shaxs maqomiga ega.

    7.6. Hududiy partiya tashkiloti oliy organi Konferentsiyadir. Konferentsiya hududiy partiya tashkiloti Kengashi tomonidan besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. 

    7.7. Hududiy partiya tashkilotining navbatdan tashqari Konferentsiyasi hududiy partiya tashkiloti Kengashi qaroriga ko‘ra yoki hududiy partiya tashkiloti a’zolarining uchdan bir qismining talabiga binoan chaqiriladi. 

    7.8. Hududiy partiya tashkilotining Konferentsiyasi vakolatiga quyidagilar kiradi:

    Partiya rahbar organlarining qarorlariga muvofiq, hududdiy partiya tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarini saylash;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashi, Nazorat-taftish komissiyasi,  hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining hisobotlarini tasdiqlash;

    tegishli mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov kampaniyalarida ishtirok etish, nomzodlarni ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

    Partiya Markaziy Kengashi tomonidan belgilangan tartibda va vakillik miqdoriga muvofiq S'yezdga delegatlar saylash.

    7.9. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi a’zolari uning Konferentsiyasida 5 yil muddatga saylanadi. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi a’zolari soni uning konferentsiyasida belgilanadi.

    7.10. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi tegishli hududiy partiya tashkilotining konferentsiyalari orasidagi davrda rahbar organi hisoblanadi, uning manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish ko‘radi.

    7.11. Hududiy partiya tashkiloti Kengashining majlislari bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.

    7.12. Hududiy partiya tashkiloti Kengashining majlisi konferentsiyalar orasidagi davrda Kengash tarkibidan chiqib ketgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolarni saylashga haqlidir, ular keyinchalik navbatdagi Konferentsiyada tasdiqlanadi.

    7.13. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi vakolatiga quyidagilar kiradi:

    Partiyaning maqsadlariga erishish va dasturiy vazifalarining hal etilishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni tegishli hududda tashkil etish;

    hududiy partiya tashkiloti Konferentsiyasining chaqirilishi va o‘tkazilishini tashkil etish;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashi tarkibidan Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, uning raisi va o‘rinbosarlarini saylash;

    Partiya rahbar organlarining qarorlari bajarilishini tashkil etish;

    tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish;

    mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi, shuningdek Partiyaning tarkibiy bo‘linmalaridagi partiya guruhlarining faoliyati haqida hisobotlarini eshitish va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish;

    7.14. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi hududiy partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizomda ko‘rsatilgan boshqa vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin.

    7.15. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi uning vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi raisi yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadigan qarorlar qabul qiladi.

    7.16. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi hududiy partiya tashkiloti konferentsiyasi oldida hisobdordir.

    7.17. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi mazkur Ustavda ko‘rsatilgan vakolatlaridan ba’zilarini Hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasiga berishi mumkin.

    7.18. Hududiy partiya tashkiloti Kengashining majlislari orasidagi davrda hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi unga hududiy partiya tashkiloti konferentsiyasi va hududiy partiya tashkiloti Kengashi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida hududiy partiya tashkilotining manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish ko‘radi.

    7.19. Hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi majlislari zaruratga ko‘ra uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

    7.20. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining joriy faoliyatini hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining devoni amalga oshiradi.

    7.21. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    tuman (shahar) partiya tashkilotlarining faoliyatiga rahbarlik qilish;

    hududiy partiya tashkiloti konferentsiyasi va Kengashi yig‘ilishlarini chaqirish va o‘tkazish;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashi va Konferentsiyasining qarorlarini ijro etish;

    Partiya  a’zolarining hisobini yuritish;

    a’zolik badallarining kelib tushishi  hisobini yuritib borish;

    davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish doirasida dastur va rejalarni qabul qilish va  ijro etish;

    hududiy partiya tashkilotining yillik byudjeti loyihasini ishlab chiqish va uni Partiya Markaziy Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish;

    hududiy partiya tashkilotining muassasalari va korxonalarini tashkil etish, ularning ta’sis hujjatlarini tasdiqlash, rahbarlarini tayinlash va ularning faoliyatini nazorat qilish;

    hududiy partiya tashkilotining oldida turgan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzurida komissiyalar, ishchi va ekspert guruhlarini shakllantirish;

    tuman (shahar) partiya tashkilotlari Kengashlari Ijroiya qo‘mitalari raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylanganligi haqidagi tuman (shahar) partiya tashkilotlarining qarorini tasdiqlash.

    7.22. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hududiy partiya tashkiloti Kengashiga hisobdordir.

    7.23. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi raisi yoki uning tegishli yo‘nalishdagi o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadigan qarorlar qabul qiladi.

    7.24. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining joriy faoliyatini amalga oshirish uchun hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining devoni tashkil etiladi.

    7.25. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:

    Partiya rahbar organlarining qarorlari bajarilishini tashkil etish va quyi partiya tashkilotlarining joylarda Partiyaning maqsadlariga erishish va dasturiy vazifalarining hal etilishini ta’minlash maqsadida Partiya faollari va aholini jalb etish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashining, hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining majlislarini olib borish, ushbu majlislarning qarorlarini imzolash;

    hududiy partiya tashkilotining joriy faoliyatiga rahbarlik qilish, tashkilot nomidan ishlarni ishonchnomasiz yuritish, ishonchnomalar berish, bitimlar va hududiy partiya tashkiloti faoliyatiga talluqli moliyaviy va boshqa hujjatlarni imzolash ;

    hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga umumiy rahbarlik qilish;

    hududiy partiya tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi devonining xodimlari, tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining shtatdagi raisi, uning o‘rinbosarlari va devoni xodimlari bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va ularni bekor qilish;

    hududiy partiya tashkilotida Partiya a’zolarining hisobga olinishini tashkil qilish, a’zolikka qabul qilish va a’zolikdan chiqarish choralarini ko‘rish, a’zolikni to‘xtatib turishni qayd etish;

    hududiy partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizomda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

    7.26. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi hududiy partiya tashkiloti Kengashining va partiya quyi tashkilotlarining  ushbu Ustav talablari va moliya-xo‘jalik faoliyatini, partiya byujetini shakllantirish va tegishlicha bajarilishini nazorat qiluvchi organdir. 

    7.27. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari uning Konferentsiyasida besh yil muddatga saylanadi.

    7.28. Hududiy partiya tashkilotining nazorat-taftish komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisini saylaydi. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi a’zolari hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari etib saylanishi mumkin emas. 

    7.29. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi vakolatiga quyidagilar kiradi:

    hududiy partiya tashkiloti rahbar organlari va quyi partiya tashkilotlari tomonidan partiya faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka rioya etilishi, Partiya Ustavi va Dasturi qoidalari, S'yezdlar, hududiy partiya tashkilotlari Konferentsiyalari, Partiya Markaziy Kengashi Plenumi va hududiy partiya tashkiloti Kengashi majlislari qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

    hududiy partiya tashkiloti va quyi partiya tashkilotlari moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat hamda taftish qilish, hududiy partiya tashkilotining moliyaviy, tadbirkorlik va boshqa faoliyati sohalarida amaldagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish;

    hududiy partiya tashkilotining nazorat-taftish komissiyasi konferentsiyalar orasidagi davrda Kengash tarkibidan chiqib ketgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolarni saylash, ularni keyinchalik navbatdagi konferentsiyada tasdiqlash;

    hududiy partiya tashkiloti va quyi partiya tashkilotlari faoliyati taftishlarini o‘tkazishda rahbar va shtatdagi xodimlardan zarur hujjatlarni talab qilish;

    Partiya MNTK, hududiy partiya tashkiloti va quyi partiya tashkilotlari rahbar organlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar va takliflar kiritish. 

    7.30. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi hududiy partiya tashkiloti konferentsiyasiga hisobdordir. 

    7.31. Hududiy partiya tashkilotining nazorat-taftish komissiyasi o‘z faoliyatida Partiya Ustavi, hududiy partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizom va Partiya MNTKning normativ hujjatlariga amal qiladi.

  • 8.1. Tuman (shahar) partiya tashkiloti hududiy partiya tashkilotining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida tuziladi. Tuman (shahar) partiya tashkilotlari o‘z faoliyatini tegishli ma’muriy-hududiy birlikda mazkur Ustav va u haqdagi Nizom asosida olib boradi.

    Partiyaning tuman (shahar) tashkiloti tegishli hududiy partiya tashkilotining taklifiga binoan Partiya  Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tashkil etiladi va tugatiladi.

    8.2. Tuman (shahar) partiya tashkiloti o‘rnatilgan tartibda tegishli adliya organlarida hisob ro‘yxatiga qo‘yiladi.

    8.3. Tuman (shahar) partiya tashkilotining oliy organi uning Konferentsiyasidir. Konferentsiya tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi tomonidan besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. 

    8.4. Tuman (shahar) partiya tashkilotining navbatdan tashqari konferentsiyasi tuman (shahar) partiya tashkilotining Kengashi qaroriga ko‘ra yoki tuman (shahar) partiya tashkiloti a’zolarining uchdan bir qismining talabiga binoan chaqiriladi. 

    8.5. Tuman (shahar) partiya tashkilotining Konferentsiyasi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    Partiya rahbar organlarining qarorlariga muvofiq, tuman (shahar) partiya tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarini saylash;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi, Nazorat-taftish komissiyasining hisobotlarini tasdiqlash va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

    tegishli mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov kampaniyalarida ishtirok etish, nomzodlarni ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

    tegishli mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga deputatlikka belgilangan tartibda nomzodlar ko‘rsatish;

    tegishli yuqori turuvchi hududiy partiya tashkiloti Konferentsiyasiga delegatlarni saylash;

    8.6. Tuman (shahar) partiya tashkiloti konferentsiyasi qonunchilikda belgilangan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

    8.7. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi tegishli tuman (shahar) partiya tashkilotining konferentsiyalari orasidagi davrda rahbar organ hisoblanadi, uning manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish ko‘radi.

    8.8. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining a’zolari uning konferentsiyasida besh yil muddatga saylanadi. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi a’zolarining soni uning konferentsiyasida belgilanadi.

    8.9. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining majlislari bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.

    8.10. Tuman (shahar) partiya tashkilotining joriy faoliyatiga rahbarlik qilish uchun tuman (shahar) partiya tashkilotining Kengashi majlisida uning tarkibidan tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi va uning o‘rinbosarlari saylanadi.

    8.11. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining majlisi navbatdagi Konferentsiyada tasdiqlash sharti bilan konferentsiyalar orasidagi davrda tegishli Kengashning yangi a’zolarini uning tarkibidan chiqib ketganlar o‘rniga saylashga haqlidir.

    8.12. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi vakolatiga qo‘yidagilar kiradi:

    joylarda Partiyaning maqsadlariga erishish va dasturiy vazifalarining hal etilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli hududdagi  faoliyatni tashkil etish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Konferentsiyasini chaqirish va o‘tkazishni tashkil etish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasini, uning raisi va rais o‘rinbosarlarini saylash;

    tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish;

    Partiya rahbar organlarining qarorlarini bajarishni tashkil etish;

    mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlarining faoliyati haqida hisobotlarini eshitish va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish;

    8.13. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi raisi yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadigan qarorlar qabul qiladi.

    8.14. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi tuman (shahar) partiya tashkiloti Konferentsiyasiga hisobdordir.

    8.15. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi mazkur Ustavda ko‘rsatilgan vakolatlaridan ba’zilarini tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasiga berishi mumkin.

    8.16. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi majlislari orasidagi davrda tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tuman (shahar) partiya tashkiloti konferentsiyasi va Kengashi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida tuman (shahar) partiya tashkilotining manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish ko‘radi.

    8.17. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining majlislari zarur bo‘lgan hollarda, lekin uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

    8.18. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatiga rahbarlik qilish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Konferentsiyasi va Kengashi yig‘ilishlarini chaqirish va o‘tkazish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Konferentsiyasi va Kengashi qarorlarini ijro etish;

    Partiya  a’zolarining hisobini yuritish;

    a’zolik badallarining kelib tushishi  hisobini yuritib borish;

    davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish doirasida dastur va rejalarni qabul qilish va  ijro etish;

    tuman (shahar) partiya tashkilotining oldida turgan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzurida komissiyalar, ishchi va ekspert guruhlarini shakllantirish;

    boshlang‘ich partiya tashkilotlarining raislarini saylash, Partiya a’zoligiga qabul qilish, Partiyadan chiqarish va a’zolikni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarni tasdiqlaydi.

    8.19. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashiga hisobdordir.

    8.20. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi yoki uning tegishli yo‘nalishdagi o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadigan qarorlar qabul qiladi.

    8.21. Joriy faoliyatini amalga oshirish uchun tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining devoni tashkil etilishi mumkin.

    8.22. Tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    Partiya rahbar organlarining qarorlari bajarilishini tashkil etish va quyi partiya tashkilotlarining joylarda Partiyaning maqsadlariga erishish va dasturiy vazifalarining hal etilishini ta’minlash maqsadida Partiya faollari va aholini jalb etish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashining va uning Ijroiya qo‘mitasining majlislarini olib borish, ushbu majlislarning qarorlarini imzolash;

    tuman (shahar) partiya tashkilotlarining joriy faoliyatiga rahbarlik qilish;

    tuman (shahar) partiya tashkilotida Partiya a’zolarining hisobga olinishini tashkil qilish, a’zolikka qabul qilish va a’zolikdan chiqarish choralarini ko‘rish, a’zolikni to‘xtatib turishni qayd etish;

    tuman (shahar) partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizomda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

  • 9.1. Partiyaning tuman (shahar) tashkiloti tarkibida bevosita Partiya a’zolarining yashash manzili va ish joyi bo‘yicha boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etilishi mumkin.

    9.2.Boshlang‘ich partiya tashkilotlari partiya a’zolarining ixtiyoriy birlashuvi asosida tashkil etiladi va Partiyaning tuman (shahar) tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qarori bilan tugatiladi.

    9.3. Partiyaning Boshlang‘ich partiya tashkiloti hududiy-ishlab chiqarish belgisi bo‘yicha kamida uchta a’zosi mavjud bo‘lganda tashkil etiladi hamda Partiya Ustavi va Dasturi,  boshlang‘ich partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizom asosida ish yuritadi.

    9.4. Boshlang‘ich partiya tashkiloti:

    joylarda Partiya a’zolari bilan amaliy ish tashkil etadi; 

    davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, korxona, muassasa va tashkilotlar, NNT, OAV, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

    Partiya safiga yangi a’zolarni jalb qiladi, mazkur yo‘nalishda olib borilgan ishlar to‘g‘risida Partiyaning tuman (shahar) tashkilotiga hisobotlar taqdim etib boradi;

    a’zolik badallarini Partiya hisob raqamiga o‘tkazilib borilishini ta’minlaydi, bu haqda Partiyaning tuman (shahar) tashkilotiga doimiy tarzda hisobot taqdim etib boradi;

    boshlang‘ich partiya tashkilotida ish yuritilishini ta’minlaydi;

    yuqori turuvchi partiya organlari tomonidan berilgan Partiya hujjatlari va moddiy boyliklarning to‘liq saqlanishiga javobgar bo‘ladi.

    9.5. Boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi boshlang‘ich partiya tashkilotining rahbar organi hisoblanadi. Boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi zarurat bo‘lgan paytlarda, ammo bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Boshlang‘ich partiya tashkilotining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi tashkilotning uchdan bir qismidan kam bo‘lmagan a’zolarining talablari bo‘yicha chaqirilishi mumkin.

    9.6. Boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    boshlang‘ich partiya tashkilotining faoliyatiga doir masalalarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish;

    boshlang‘ich partiya tashkilotining Kengashi, uning raisi va rais o‘rinbosarini saylash;

    tuman (shahar) tashkiloti konferentsiyasiga delegatlarni saylash;

    boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashi (raisi)ni hisobotlarini eshitish.

    9.7. Boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashi boshlang‘ich partiya tashkilotida 50 (ellik) nafardan ortiq Partiya a’zolari bo‘lganda saylanishi mumkin.

    9.8. Umumiy yig‘ilishlar oralig‘idagi davrda boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashi doimiy faoliyat olib boruvchi kollegial rahbar organ hisoblanadi.

    9.9. Kengash yig‘ilishi boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi tomonidan zaruratga ko‘ra, ammo uch oyda kamida bir marta chaqiriladi.

    9.10. Kengash boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishiga hisobdordir.

    9.11. Boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    Partiya Ustavi va Dasturi qoidalari, uning rahbar organlarining qarorlari ijrosini ta’minlash doir ishlarni tashkil etish;

    fuqarolarni Partiya a’zoligiga qabul qilish, to‘xtatib qo‘yilgan a’zolikni qayd etish va Partiya a’zoligidan chiqarishni amalga oshirish;

    boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish.

    9.12. Boshlang‘ich partiya tashkiloti (Kengashi) raisi vakolatiga quyidagilar kiradi:

    boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashinig faoliyatiga rahbarlik qilish;

    boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi va Kengash majlislarini tashkil etish, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni imzolash;

    Partiya a’zolarini qayd etish, a’zolikka qabul qilish, a’zolikni to‘xtatish, a’zolikdan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish;

    boshlang‘ich partiya tashkiloti to‘g‘risidagi Nizomda ko‘zda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

  • 10.1. Partiya manfaatlarini davlat hokimiyatining vakillik organlarida uyushqoqlik bilan ifodalash maqsadida qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraktsiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tuziladi.

    10.2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraktsiyasi mazkur Partiyadan nomzodi ko‘rsatilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlardan tashkil etiladi.

    10.3. Fraktsiya o‘z ishini Partiyaning dasturiy hujjatlari, S'yezd belgilagan parlamentdagi faoliyati vazifalari hamda Partiyaning rahbar organlarining tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.

    10.4. Fraktsiya O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan huquqlarga ega.

    10.5. Muhim ijtimoiy-siyosiy va ekologik masalalar yuzasidan nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun Partiya fraktsiyasi va Partiya Markaziy Kengashi yoki Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin. Partiya fraktsiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ovoz berish jarayonida birgalikda ishlangan nuqtai nazarlarga asoslanadilar.

    10.6. Fraktsiyaning faoliyati Partiyaning Markaziy organlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Fraktsiya o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda Partiya Markaziy Kengashiga muntazam ravishda axborot berib boradi. Fraktsiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolati davridagi faoliyati bo‘yicha hisoboti S'yezdda tinglanishi mumkin.

    10.7. Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari (keyingi matnlarda - Partiya guruhlari) Partiya tomonidan nomzodi ko‘rsatilib tegishli mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan deputatlardan tashkil etiladi.

    10.8. Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyati tegishli hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlarining rahbar organlari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    10.9. Partiya guruhlari o‘z faoliyatlarini Partiyaning dasturiy hujjatlari, tegishli hududiy partiya tashkilotlari Konferentsiyalari tomonidan belgilangan vazifalar, qonunchilik faoliyati vazifalari, tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashlari tavsiyalari hamda yuqori partiya organlari qarorlaridan kelib chiqqan holda tashkil etadilar.

    10.10. Muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ekologik masalalar bo‘yicha nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun Partiya guruhlari va tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashlarining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin.

    10.11. Partiya guruhlari o‘z faoliyatlari to‘g‘risida belgilangan muddatlarda tegishli hududiy partiya tashkilotiga axborot berib boradilar. Ularning faoliyatlari to‘g‘risidagi hisobotlar tegishli hududiy partiya tashkilotlari Konferentsiyalarida eshitiladi.

    10.12. Partiya fraktsiyasi, guruhlari a’zolari, shuningdek  Partiyadan nomzodi ko‘rsatilib, saylangan deputatlar Partiya oldidagi majburiyatlarini bajarmagan hollarda, Partiya Markaziy Kengashi, tegishli hududiy partiya tashkiloti, tuman (shahar) partiya tashkiloti Kengashi tomonidan qonunchilikka muvofiq deputatlarni chaqirib olish va vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish masalasi ilgari surilishi mumkin. 

    10.13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlar bo‘yicha saylov okruglarida Partiyaning tuman (shahar) birlashmasi tashkil etilishi mumkin.

    10.14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘yicha saylov okruglarida boshlang‘ich partiya tashkilotlarining okrug birlashmasi tashkil etilishi mumkin.

    10.15. Partiyaning rahbar organlari qaroriga ko‘ra, saylov okruglaridagi tegishli partiya birlashmalari rahbarlariga mazkur birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtirish huquqi berishi mumkin.

    10.16. Partiya tashkilotlarining saylov okruglarida Partiya guruhi va okrug birlashmalari tashkil etish to‘g‘risidagi Nizomi Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlanadi.

  • 11.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga o‘tkaziladigan saylovlarda ishtirok etadi.

  • 12.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida:

    O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan ittifoqqa (blok,  koalitsiya) kirishi va tuzishi;

    xorijiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatishi mumkin.

    12.2. Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) Kengashlaridagi partiya guruhlari O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi boshqa siyosiy partiyalarning deputatlik birlashmalari bilan umumiy nuqtai nazar bo‘yicha kelishib olishi mumkin.

    Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida boshqa siyosiy partiyalar bilan birga hamkorlikda ishlab chiqilgan nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori fraktsiya rahbari tomonidan Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

    12.3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) Kengashlaridagi Partiya guruhlari boshqa siyosiy partiyalar deputatlik birlashmalari bilan ishlab chiqqan nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori tegishli hududiy (tuman, shahar) partiya Kengashi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

  • 13.1. Partiya qonunda belgilangan tartibda Partiya Dasturida ko‘rsatilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi moliyaviy manbalardan foydalanishi mumkin:

    Partiya a’zolarining a’zolik badallari;

    O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradigan xayriya yordami;

    davlat byudjetidan qonunga muvofiq ajratilgan mablag‘lar;

    qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;

    qonun hujjatlari taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

    13.2. Partiya ushbu Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun binolar, inshootlar, koronalar  va xo‘jaliklar, nashriyotlar, turar joy, jihoz-uskunalar, transport vositalari, inventarlar, madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun mo‘ljallangan mol-mulklar, pul mablag‘lari, shu jumladan chet el xorijiy valyutasidagi mablag‘lar, qimmatli qog‘ozlarga va muomalada cheklanmagan boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.

    13.3. Partiyaning hududiy tashkilotlariga va boshqa quyi bo‘linmalariga biriktirilgan mulk Partiyaning mulki hisoblanadi. Partiyaning hududiy va boshqa quyi tashkilotlariga biriktirilgan mol-mulk, ular tomonidan  operativ boshqariladi.

    13.4. Partiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi. Partiyaning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari Partiya a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas va ulardan faqat Ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi.

    13.5. Partiya a’zolik badalining miqdori va uni to‘lash tartibi Partiyaning Markaziy Kengashi qarori bilan belgilanadi.

    13.6. Partiya va uning hududiy partiya tashkilotlari hisob raqamlariga tushgan mablag‘lar, shuningdek a’zolik badallarini ishlatish Partiya Markaziy Kengashi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    13.7. Partiya har yili barchaning e’tibori uchun o‘z byudjetini e’lon qiladi va o‘z faoliyatini pul mablag‘lari bilan ta’minlash manbalari to‘g‘risida tegishli organlarga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.

  • 14.1. S'yezd, hududiy, tuman (shahar) partiya tashkilotlari konferentsiyalari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari umumiy yig‘ilishlari, Partiyaning saylov organlari majlislari ular tarkibining yarmidan ko‘pi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi.

    14.2. Partiyaning rahbar va nazorat organlarining qarori majlisda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi

    14.3. Partiya Ustavi va Dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, S'yezdda ishtirok etayotgan delegatlarining uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan ovozi bilan qabul qilinadi.

    14.4. Mazkur Ustavda belgilangan hollarda, hududiy partiya tashkiloti Kengashi qarori Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan va tuman (shahar) partiya  tashkiloti Kengashi qarori hududiy partiya tashkiloti Kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin qonuniy kuchga kiradi.

    14.5. Partiyaning yuqori turuvchi organlarining qarorlari quyi partiya organlari va  tashkilotlari uchun majburiydir.

    14.6. Partiyaning yuqori turuvchi rahbar organlari Partiyaning quyi turuvchi organlari qarorlarini ijro etilishini bekor qilish yoki to‘xtatish huquqiga ega.

  • 15.1. Partiya faoliyatini tugatish ushbu Ustavda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etish (qo‘shilish, birlashish, ajralish) yoki faoliyatini tugatish shaklida amalga oshiriladi. Partiya faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi qaror S'yezd tomonidan qabul qilinadi.

    15.2. S'yezd qarori bilan Partiya qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda, uning mol-mulki va mablag‘laridan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

    15.3. Partiya tugatilgan taqdirda Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda barcha bo‘g‘indagi Partiya tashkilotlari Kengashlari Ijroiya qo‘mitalari devonlari xodimlarining huquqlari va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    15.4. O‘z faoliyatini tugatgan Partiya hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat arxiv idoralariga saqlash uchun topshiriladi.

  • O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab, mamlakatni barqaror rivojlantirishga erishish, xalq farovonligini oshirishga  yo‘naltirilgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

    Bugun mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida - davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyotni liberallashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, tashqi siyosat, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimi va boshqa sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlarning maqsadi adolatli jamiyat va demokratik davlat qurish, «inson manfaatlari hamma narsadan ustun» tamoyilini amalga oshirish ustuvor hisoblangan joyda fuqarolarning qulay atrof muhitga bo‘lgan huquq va manfaatlarini himoya qilishdir.

    O‘tmishda atrof muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarga bepisand munosabatda bo‘lish Orol dengizi qurishi, cho‘llanish, yer va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi,  biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi bir qator global va mintaqaviy ekologik muammolarni paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu muammolar iqlim o‘zgarishi sodir bo‘layotgan sharoitlarda yanada yaqqolroq va kuchliroq namoyon  bo‘lib, zamonaviy O‘zbekiston uchun atrof muhitni muhofaza qilish va uni sog‘lomlashtirish masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.

    Mustaqil rivojlanish yillarida mamlakatimizda ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida muayyan tajriba orttirildi. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida ilg‘or xalqaro talablarga javob beradigan fundamental normativ-huquqiy baza shakllantirildi. Mazkur sohada 30 ga yaqin qonunlar qabul qilindi va 300 dan ortiq normativ hujjatlar tasdiqlandi.

    Biroq, mazkur sohadagi vazifalarning ko‘lami mamlakatda ekologik holatni yaxshilash va yuzaga kelgan muammolarni yaxlit holda hal etishda jamiyatning barcha kuchlarini sa’y-harakatlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish zaruratini  qo‘ymoqda.

    Bu yuksak vazifani atrof muhit va aholi salomatligini saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan milliy va xorijiy jamoatchilik tashkilotlari va harakatlarining ijobiy tajribalarini o‘zlashtirgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi bajarishga qodir.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

    mamlakatning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash;

    atrof-muhit muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashish.

    O‘z maqsadlariga erishish uchun Partiya quyidagi vazifalarni hal etadi:

    mamlakatda atrof muhit holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muamolarni kompleks hal etishga yo‘naltirilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surish;

    atrof muhitni muhofaza qilish, aholini sog‘lig‘ini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

    O‘zbekistoning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda ekologiya sohasidagi xalqaro konventsiya, shartnoma va kelishuvlarga qo‘shilish;

    Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesidagi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlari va  deputatlari orqali siyosiy tashabbuslarni ilgari surish;

    mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilikni ijrosini ta’minlashda davlat organlari, biznes va jamoat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish;

    Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, mahalliylashtirishni ta’minlash, ekologik vaziyatni tiklash va sog‘lomlashtirish, boshqa ekologik noqulay hududlarda ekologik muammolarni hal etish va aholi salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan innovatsion g‘oya va texnologiyalarni, dastur va loyihalarni  qo‘llab-quvvatlash;

    mamlakatda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishga, qayta tiklanuvchi va boshqa muqobil energiya manbalarini, ekologik toza chiqitsiz (kam chiqitli) texnologiyalar va innovatsion yechimlarni tadbiq etish jarayonlarini faollashtirish;

    suv resurslarining yetishmasligi va ifloslanishi, cho‘llanish, yerlarning tanazulli, atmosfera havosini ifloslanishi,  biologik xilma-xillikning qisqarishi jarayonlarini to‘xtatish, shuningdek iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

    mamlakat manfaatlarini hisobga olgan holda transchegaraviy suv oqimlarining suv resurslaridan adolatli foydalanishga yo‘naltirilgan  tashabbuslarni ilgari surish va  harakatlarni qo‘llab-quvvatlash;

    aholining, ayniqsa qishloq joylarida toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni yaxshilash, mavjud suv chiqarish va kanalizatsiya inshootlarini modernizatsiya qilish, suv o‘tkazish tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish;

    mamlakatda ekologik tizimlarni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni va ekologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish;

    uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, aholining ekologik madaniyati darajasini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish;

    davlatning ekologik siyosati ustuvor yo‘nalishlari, Partiyaning maqsad va vazifalari, mavjud ekologik muammolar va ularning yechimi bo‘yicha aholining xabardorlik darajasini oshirish; 

    yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga va yoshlarni tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish;

    atrof muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, korxonalar va muassasalar, siyosiy partiyalar, NNT, OAV, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

    ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalarni hal etishga xorijiy va xalqaro xamkorlarni jalb etish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi «Biz kelajak uchun javobgarmiz!» g‘oyasini o‘zining bosh shiori hisoblagan holda o‘z faoliyatida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan:

  • Mamlakatning ekologik siyosatini amalga oshirish va o‘zining siyosiy tashabbuslarini tadbiq etishda, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ekologik muammolarni hal etishda tizimli o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan amaliy choralarni ko‘rishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etish muhim omil bo‘lib bormoqda.

    Mazkur ustuvorlikni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatda atrof muhitni holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surishni muhim deb hisoblaydi.

    Mazkur maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarga intiladi:

    mamlakatning ekologik siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishga yo‘naltirilgan partiyaning siyosiy tashabbuslarini ishlab chiqish  va amalga oshirish;

    mavjud ekologik muammolarni hal etish, ularning yuzaga kelishini oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha strategiya va dasturlarni amalga oshirishni ta’minlash;

    ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sub'yektlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini safarbar etish.

  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan, tabiatni muhofaza qilish masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solishni takomillashtirish, atrof muhit, aholi salomatligini saqlash va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni yanada rivojlantirish maqsadida davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlari tomonidan yangi qonun hujjatlari qabul qilish, amaldagi qonunlarni takomillashtirish tashabbusi bilan chiqadi.

    Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini himoya qilishni hamda tabiatdan foydalanish sohasida iqtisodiy mexanizmlarni joriy etishni yaxlit tarzda ta’minlash bo‘yicha qonun hujjatlarini qabul qilish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashishni;

    ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar va tabiatga, shu jumladan, transchegaraviy tusdagi zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish hamda atrof muhit va inson salomatligiga yetkazilgan zararni qoplashni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga ko‘maklashishni;

    O‘zbekistonning barqaror rivojlanish ustuvor maqsadlari va milliy manfaatlariga mos keluvchi xalqaro ekologik konventsiya va kelishuvlarga mamlaktimizning qo‘shilishi masalalarini ilgari surishni nazarda tutadi.

  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi aholining ekologik xavfsizlik Strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish hamda ro‘yobga chiqarish tashabbusi bilan chiqadi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasining asosiy vazifasi davlat organlari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, korxona va muassasalarning ekologik xavfsizlikni yaxlit, ya’ni atrof muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha amaldagi qonunlar talablariga rioya etishlari ta’minlash, strategiya va dasturlarni amalga oshirish ishlarida faollashtirishdan iborat bo‘ladi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolarning atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash hamda ekologik huquqbuzarlik sodir etganligi, atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazganligi uchun javobgarligini oshiradi.

    Bunda, markazda va joylarda davlat hokimiyati organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi, xususan:

    Orol ekologik fojiasi oqibatlarining Orolbo‘yi aholisi va atrof muhiti uchun salbiy ta’sirni yumshatish, shuningdek mamlakatning boshqa ekologik noqulay hududlarida tabiiy muhitni sog‘lomlashtirishga;

    suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida, yer to‘g‘risida, yer osti boyliklari to‘g‘risida, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida, o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida;

    mamlakat aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va aholini suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish borasidagi javobgarligini kuchaytirishga;

    muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va ob'yektlar to‘g‘risida, ekologik sertifikatlash va ekspertiza to‘g‘risida, chiqindilarni boshqarish to‘g‘risida hamda ishlab chiqarish faoliyatida ekologik talablar to‘g‘risida;

    ekologik toza transport turlarini rivojlantirish;

    atrof muhit monitoringi tizimini rivojlantirish to‘g‘risida;

    innovatsion, ekologik toza chiqitsiz (kam chiqitli) texnologiyalarni tatbiq etish to‘g‘risida;

    aholi genofondini himoya qilish va ekologik xatarli hududlarda istiqomat qiluvchi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida;

    fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida;

    ekologik turizmni rivojlantirish to‘g‘risida va boshqalar.

  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarni «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishning ustuvorliklari deb hisoblaydi:

    iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;

    sanoat ishlab chiqarish, energetika, qishloq xo‘jaligi, savdo, transport  kommunikatsiya tizimi va kommunal sektorda innovatsion, resurstejamkor, energiyatejamkor, suv tejovchi, chiqitsiz (kam chiqitli) va boshqa ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish;

    ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oya va yechimlarni tatbiq etishni qo‘llab-quvvatlash;

    jamiyat hayotining barcha sohlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni faol tatbiq etish;

    «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish maqsadlariga erishish uchun  investitsiyalarni jalb qilish, moliyaviy, moddiy-texnik vositalarni va intellektual resurslarni safarbar etish.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan yangi qonunlar ishlab chiqish va qabul qilish hamda amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish borasida jamoatchilik tashabbuskorligini rivojlantirishni muhim deb hisoblaydi:

    ekologik toza va xavfsiz, suv tejovchi, resurstejamkor  va energiyatejamkor texnologiyalarni tatbiq etishni  rag‘batlantirish hamda iqtisodiy, moliyaviy, soliq va boshqa turdagi mexanizmlarni yanada rivojlantirish;

    energiya resurslaridan tejamli foydalanish, bosqichma-bosqich qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga o‘tishni ta’minlash;

    qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va yangi samarali uslublarini qo‘llash hisobiga yer unumdorligi va uning meliorativ holatini yaxshilash;

    ishlab chiqaruvchiga atrof muhitni muhofaza sohasidagi konunchilikni buzish iqtisodiy naf keltirmaydigan tarzdagi soliqqa tortishning samarali tizimini yaratish, tabiatni muhofaza qilish faoliyati uchun soliq imtiyozlari berish;

    muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va ularning boshqarish tizimini takomillashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlashga ko‘maklashish.

  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi maqsadli mintaqaviy va hududiy dasturlar hamda loyihalarning joylarda amalga oshirilishini faollashtirishga intiladi:

    suv resurslaridan, shu jumladan, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanishga, suvni muhofaza qilish zonalari rejimiga rioya qilishga;

    atmosfera havosini, yer osti va yer usti suvlarini ifloslanishi, atrof muhitning shovqinli va elektromagnitli ifloslanish darajasini pasaytirishga;

    sanoat, qurilish, qishloq xo‘jalik, maishiy, tibbiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, ko‘mish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga;

    aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga;

    sanoat va maishiy oqovalarni tozalash inshootlarini qurish va rekonstruktsiya qilishga;

    ekotizimlarni, ayniqsa tabiatni muhofaza qilish noyob ob'yektlari va hududlarini saqlashga;

    atrof muhitga, ekotizimlarga zararli ta’sirni va tabiiy resurslarni qisqarishini kamaytirish maqsadida mavjud ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilishga;

    shaharlar va aholi punktlarining ekologik holatini yaxshilash hamda obodonlashtirishga, zamonaviy urbanizatsiya jarayonining salbiy ekologik oqibatlarini bartaraf etishga, aholi punktlarida «yashil hududlarni» tashkil etishga;

    shaharlar va aholi punktlari, ayniqsa intensiv shamol eroziyasi va cho‘llar joylashgan hududlar atrofida ixota o‘rmonlarini barpo qilishga;

    sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga va aholining genofondini muhofaza qilishga;

    ekologik sug‘urta tizimini yaratish va rivojlantirishga;

    ekologik ekspertiza, ekologik baholash va ekologik audit tizimlarini takomillashtirishga;

    turizmning ekologik, agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turlari infrastrukturasini rivojlantirishga;

    qishloqlarda maishiy turmush madaniyatini, ayniqsa, uning sanitar-gigiyenik va ekologik jihatlarini yaxshilashga;

    davlat, idoraviy, ishlab chiqarish va jamoat ekologik nazorati tizimlarini rivojlantirishga.

    Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi joylarda tabiatni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan istiqbolli investitsion loyihalarni bajarilishi ustidan tizimli jamoatchilik ekologik monitoringini amalga oshirilishini, bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari va kreditlari, homiylar mablag‘larini o‘z vaqtida, to‘liq o‘zlashtirishga va oqilona foydalanishga o‘z e’tiborini qaratadi.

  • Aholining xabardorligini, ekologik madaniyati darajasini oshirish, har bir insonda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, mamlakatning noyob tabiatini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash fuqarolik javobgarligini  shakllantirish bugungi kunda ekologik holatni yaxshilash va atrof muhitga salbiy texnogen hamda antropogen tasirni oldini olishning muhim omili bo‘lib bormoqda.

    Ushbu ustuvor yo‘nalishni amaliyotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi ekologik fikrlashni shakllantirish, uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiyaning mukammal tizimini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan ishlarda keng jamoatchilikning faol ishtirokini muhim deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur yo‘nalishda quyidagilarga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etadi:

    uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya kontseptsiyasini va dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;

    ekologiya sohasidagi mutaxassislarning malakasini, shuningdek, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari, iqtisodiyot va boshqaruv, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini ekologik ma’lumoti darajasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

    ekologik ta’lim-tarbiya jarayoniga masofadan o‘kitish uchun resurslar yaratishni o‘z ichiga olgan zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish;

    yoshlarning ekologik ta’limi va tarbiyasi masalalarida davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, oila, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish.

    Aholining ekologik madaniyatini oshirish vazifasini hal etish uchun O‘zbekiston Ekologik partiyasi xalqimizning doimo tabiat va inson uyg‘unligiga erishishni ta’minlashga intilish, kelgusi avlod uchun uni asrab-avaylash, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejamli foydalanishdek asriy an’analari va qadriyatlaridan iborat madaniy va tabiiy merosiga murojaat qilishni muhim deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi ushbu vazifalarni davlat organlari, siyosiy partiyalar, NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikda hal etadi.

    Mavjud ekologik muammolarga jamoatchilikning e’tiborini qaratish, ularni izchil hal etishning eng maqbul yo‘llarini jamoatchilik muhokamasini tashkil etish, atrof  muhit muhofazasi holati, uni muhofaza qilish ishlari haqida fuqarolarni haqqoniy va tezkor axborot bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi mavjud ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi hamda o‘zining ommaviy axborot vositalari va Internet resurslarini tashkil etadi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof tabiiy muhit muhofazasi sohasida resurs va energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar borasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirishda keng jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlagan holda bugungi kunda fan va ta’lim sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatimizda kelajagimiz egalariga xizmat qiladigan, ekologik madaniyati yukori, yuksak intellektual jamiyatni shakllantirishga mustahkam poydevor bo‘ladi, deb hisoblaydi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    aholining atrof muhit holati va ekologik vaziyatni yaxshilash, fuqarolar salomatligini muhofaza qilishga oid  ko‘rilayotgan  chora tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatini ta’minlash;

    ekologik ta’lim va tarbiya tizimini shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlari uchun ta’limni rivojlantirish;

    yuksak ekologik madaniyat darajasiga, har bir fuqaro tomonidan mamlakatning noyob tabiati halkimiz tarixiy merosining ajralmas qismi ekanligi va kelajak avlodlar uchun uni asrab-avaylashda o‘zining mas’uliyatini anglashiga erishishga bosqichma-bosqich intiladi.

    VII. Atrof muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni zarur, deb hisoblaydi va mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish yo‘lida jamiyatning barcha qatlamlarini sa’y-harakatlarini birlashtirishga intiladi.

    Shu maqsadlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    muayyan ekologik muammolarni hal qilish uchun ekologiya sohasida jamoatchilik faolligini rivojlantirishga ko‘maklashish hamda bu borada tashabbuskor bo‘lishni;

    yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni, yoshlarni va o‘sib kelayotgan avlodni tabi­atni muhofaza qilish ishlariga faol jalb etishni;

    partiya safiga fermerlar va agrar sohaning boshqa xodimlarini keng jalb etish orqali mamlakatning yer va suv resurlaridan tejamli va oqilona foydalanishdagi muammolarni hal etish maqsadida ularning ishtirokini yanada faollashtirishni;

    insonlarning o‘z sog‘lig‘ini saqlashda mas’ullik munosabatlarini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda xalk ta’limi va sog‘likni saqlash organlari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘zaro hamkorligini mustahkamlaydi.

  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof muhitni muhofaza qilish chegara bilmasligini hisobga olgan holda, xalqaro va xorijiy ekologik jamoatchilik tashkilotlari bilan aloqalarni izchil ravishda rivojlantiradi va mustahkamlaydi.  

    O‘zbekiston halqaro huquqning eng muhim ekologik hujjatlariga - BMTning cho‘llanishga qarshi kurash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha va boshqa konventsiyalariga ko‘shilganligiga alohida e’tibor olgan holda O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof muhit muhofazasi va fuqarolar salomatligi, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga doir samarali halqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga intiladi.

    Shu maqsadlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi:

    ekologik muammolar bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, halqaro konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkazish amaliyotini rivojlantiradi;

    xalqaro ekologik forumlarda O‘zbekiston vakillarining ishtirok etishiga ko‘maklashadi;

    xalqaro va xorijiy ekologik tashkilotlar bilan hamkorlikdagi tadbirlar va ekologik aktsiyalar o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatadi va amalga oshiradi;

    O‘zbekistonda ekologik holatni yaxshilash va fuqarolar salomatligini saqlash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotni xorijiy jamoatchilik e’tiboriga yetkazadi;

    atrof muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha xalqaro huquqiy hujjatlarni takomillashtirishda ishtirok etadi;

    Markaziy Osiyoning ekologik xavfsizligini ta’minlash nafaqat shu hududda yashovchi xalqlarning hayoti va taqdiriga bevosita aloqador, balki global ahamiyatga ega ekanligi hamda Orol dengizining qurishi, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi, suv resurslarining tanqisligi va ifloslanishi, bioxilma-xillikning qisqarishi, ifloslanishlarning transchegaraviy ko‘chishi kabi muammolarni hal qilish har bir davlat manfaatlari chegarasidan chiqishi va ularni birgalikda hal etish zaruratini hisobga olib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha halqaro loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va ularda faol ishtirok etishni nazarda tutadi:

    insoniyat o‘lchovlaridagi ushbu va boshqa o‘tkir ekologik muammo va masalalarni hal etishda xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish;

    O‘zbekistonda «yashil iqtisodiyot» printsiplarini joriy etish va undan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish;

    atrof muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ustuvor dastur va loyihalarni investitsiyalashga xalqaro moliya institutlarni jalb qilish.

    ***

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek oliy vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

  • O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab, mamlakatni barqaror rivojlantirishga erishish, xalq farovonligini oshirishga  yo‘naltirilgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

  • O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab, mamlakatni barqaror rivojlantirishga erishish, xalq farovonligini oshirishga  yo‘naltirilgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

birds birds