calendar 18 Avgust 06:43
gazeta.uz

O‘zbekiston Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon forumini o‘tkazadi

Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konferentsiyasi 12−13 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Unda SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta’sir o‘tkazayotgan sharoitda yoshlarning sifatli ta’lim olishi va ishlab chiqarishda band bo‘lishga taalluqli imkoniyatlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqiladi.

 

12−13 avgust kunlari Toshkent shahrida Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konferentsiyasi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi matbuot xizmati. Ushbu xalqaro anjuman prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan.

 

Jahon anjumani gibrid shaklda, ya’ni oflayn va onlayn tarzda o‘tkaziladi. Nufuzli forumning ochilishida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet, BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari bo‘yicha elchisi Jayatma Vikramanayake, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YeXHT Bosh kotibi Xelga Mariya Shmidt va boshqa xalqaro tashkilotlarning rahbarlari so‘zga chiqishi kutilmoqda.

 

Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konferentsiyasi «Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish» mavzuiga bag‘ishlanadi. Unda ishtirok etish uchun 30 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 500 dan ziyod vakil istak bildirdi.

 

Anjuman doirasida SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta’sir o‘tkazayotgan hozirgi sharoitda navqiron avlodning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtiroki, yoshlarning sifatli ta’lim olish va ishlab chiqarishda band bo‘lishga taalluqli imkoniyatlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi.

 

Ishtirokchilar yoshlarning huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qiladilar. Bunda barcha navqiron insonlar o‘z huquqlaridan to‘la-to‘kis, hech qanday kamsitishlarsiz foydalanishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.

birds birds