calendar 15 Avgust 17:35

Fransiyadagi «O‘zbek bog‘i»da O‘zbekistondan keltirilgan anor ko‘chatlari ekildi

Fransiyaning Ruey-Malmezon shahridagi «O‘zbek bog‘i»da O‘zbekistondan keltirilgan mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 

Mamlakatimizning Frantsiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston va Frantsiya hamkorligi har qachongidan ham rivoj topib bormoqda. Ayniqsa, madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarimizning muhim qismiga aylangan mintaqalararo hamkorlikni taraqqiy toptirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, azim Buxoro bilan birodarlashgan Ruey-Malmezon shahrida 2019 yil bahorida yaratilgan «O‘zbek bog‘i» ikki mamlakatning do‘stlik ramziga aylangan.

 

«O‘zbek bog‘i» markazida buyuk bobokalonimiz, qomusiy olim, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning bronzadan ishlangan haykali qad rostlab turibdi.


Frantsuz jamoatchiligi vakillari ham ushbu bog‘ni O‘zbekiston va Frantsiyani bir-biriga bog‘lab turgan tarixiy do‘stlik rishtasi, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar namunasi sifatida e’tirof etadi. Xorijdagi ilk «O‘zbek bog‘i»da mamlakatimizdan keltirilgan o‘rik, gilos, olma, olma va boshqa turdagi mevali daraxtlar parvarish qilinmoqda.

 

Navro‘z shodiyonalari davom etayotgan shu kunlarda O‘zbekistonning Frantsiyadagi elchixonasi jamoasi milliy an’analarimizga xos tarzda Ruey-Malmezon shahar meriyasi va rasmiy vakillari bilan birgalikda ushbu maskanda yurtimizdan keltirilgan navbatdagi mevali ko‘chatlarni ekdi. Jumladan, o‘zbek dasturxonining asosiy bezagi bo‘lgan anor ko‘chati o‘tqazildi.

 

Ta’kidlash lozimki, ikki tomonlama aloqalar, shuningdek, boshqa yo‘nalishlarda ham izchil davom etib kelmoqda. Ko‘rgazmalar, turizm salohiyati va madaniy me’rosimizga bag‘ishlangan taqdimotlar, delegatsiyalar almashinuvi va ishbilarmon doira vakillarining muntazam muloqoti shular jumlasidandir.

 

Bundan tashqari, barcha uchun qiyin kelgan COVID-19 pandemiyasi paytida ham Ruey-Malmezon shahri meriyasi tomonidan Buxoroning tibbiy muassasalariga gumanitar ko‘mak ko‘rsatilganini ham alohida ta’kidlash lozim.

 

Ruey-Malmezon - Katta Parij metropoliyasining muhim shahri hisoblanadi. Bugungi kunda 6 mingdan ziyod turli sohalarga ixtisoslashgan tashkilot va kompaniya mavjud. Yirik iqtisodiy, texnologik va sarmoyaviy yo‘nalishlarida faoliyat yuritadigan Frantsiya va dunyoning ko‘plab yirik kompaniyalarining bosh qarorgohlari aynan shu shaharda joylashgan. Jahonning 15 dan ziyod shahri bilan birodalik aloqalari o‘rnatilgan.

 

Shahar merining turizm va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Filip Trotin «Dunyo» AA muxbiriga ushbu tadbir haqidagi fikrlarini so‘zlab berdi.

 

- Bugun shahrimizning markaziy hududi - «O‘zbek bog‘i»da ko‘chat ekish marosimida ishtirok etganimdan bag‘oyatda xursandman, - dedi u. - Shahrimiz ko‘rkiga aylangan ushbu bog‘ Buxoro va Ryuyey-Malmezon, shuningdek, ikki davlat munosabatlarining ramzidir. «O‘zbek bog‘i»ning yaratilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, ko‘chat o‘tqazish bizning ham an’anamizga aylanib ulgurdi. Bog‘ning yanada ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarimiz bizga doimo xursandchilik baxsh etadi.

 

Bog‘ mahalliy aholining sevimli maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi. Xususan, dam olish va bayram kunlari bu yerda juda ko‘plab ryuyeyliklarni uchratasiz. Ular bog‘ning yaratilishidan xursand. Mazkur bog‘, shuningdek, frantsuzlarni mamlakatingizga tashrif buyurishga undab turadi.

birds birds