G‘uzor cho‘llari bag‘rida yashil maydonlar neft va gaz klasterining yashil qalqoniga aylanadi
So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda ekologik muhit keskinlashuvining oldini olish maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Yashil maydonlarni, daraxtlar sonini ko‘paytirish esa atmosfera musaffoligi, yer-suv muvozanati barqarorligini ta’minlash, bioxilma-xillikni yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi ham bir yoki o‘n yillarni emas, kelgusi yuz yillarni o‘ylab amalga oshirilayotgan ezgu harakatdir.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «O‘zbekneftgaz» AJning 2021-yil 20-dekabrdagi qaroriga asosan G‘uzor tumanida «Sho‘rtan yashil makon» MChJ tashkil etildi. Mazkur korxona sa’y-harakatlari bilan dastlab, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJ va «Uzbekistan GTL» zavodi hududida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan bog‘ning ilk ko‘chatlari nuroniy otaxonlar, viloyat hokimligi hamda majmua rahbariyati tomonidan ekilgan edi. Qolgan 120 gektar maydonda esa «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi barcha tashkilotlar ishchi-xodimlari tashabbusi bilan 68 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari zaminga qadaldi.
– «Sho‘rtan yashil makon» MChJ ishchi-xodimlari tomonidan hududga qo‘shimcha 11 ming 228 ta mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, – deydi MChJ bosh agronomi Samijon Aminov. – Mazkur «yashil» korxona tashkil topgan kundan boshlab, ko‘chatchilik tarmog‘i yo‘lga qo‘yilib, hozirda 24 turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘zimiz yetishtiryapmiz.
Ta’kidlash joiz, «Sho‘rtan yashil makon» MChJda shtat birligi asosida 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi. Ishchi-xizmatchilarga sharoit yaratib berish maqsadida 7 ta dala shiyponi qurilib, foydalanishga topshirildi.
«Yashil makon» umummilliy dasturi asosida «Dolzarb 40 kunlik» tadbirlari doirasida «Sho‘rtan yashil makon» MChJ tomonidan 8000 ga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Korxonaga qarashli maydonlarda yetishtirilgan yasin, gujum, klyon, katalpa hamda shoyi akatsiya ko‘chatlaridan 2000 tup qazib olinib, bo‘sh turgan maydonlarda ekish ishlari olib borildi. Jumladan, manzarali daraxt ko‘chatlari G‘uzor tumanidagi «Toshguzar» mahallasiga 2500 tup, «O‘zbekiston JTL» ishchilar shaharchasida joylashgan jamiyat idorasi kirish yo‘lagi hamda Mang‘it-Alanga avtoyo‘l yoqasida 1000 tup klyon hamda katalpa ko‘chatlari yetkazib berildi.
Shuningdek, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» hududidagi «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» suv ombori yuqorisidagi 120 gektarlik yer maydon, 20 gektarlik pavloniya plantatsiyasi va Sho‘rtan Alanga-siquv kompressor stansiyasi yo‘l yoqasidagi 200 gektardan ortiq ko‘chat ekilgan yer maydoni, umumiy qilib aytganda 340 gektar maydonda suvni tejash texnologiyasi – tomchilatib sug‘orish tizimi to‘liq tugatilib, hozirgi kunda 5 ta nasos stansiyalari ishlamoqda.
Ta’kidlash joiz, korxona ishchilari orasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular partiyaning G‘uzor tuman kengashi qoshida tuzilgan BPTda birlashib, partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish masalalari yuzasidan tez-tez fikrlashib turishadi. Ularning sa’y-harakati tufayli cho‘l bag‘rida yashil makonlar kengaymoqda. Ekilgan ko‘chatlarga agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida olib borilib, kerakli mineral o‘g‘itlar berilmoqda. Manzarali va mevali daraxtlar qator oralariga ekilgan turli sabzavot va poliz ekinlari qo‘shimcha daromad manbai bo‘lmoqda.
Uzumchilikni rivojlantirish va kelajakda hududda tokzorlar barpo etish maqsadida 1,5 gektar yer maydonida 150 ming dona uzum qalamchalari ekilib, parvarishlanmoqda. 20 gektar yer maydoniga «Shangtong» navli pavloniya nihollari ekilib, plantatsiya barpo etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda plantatsiyada 30 ming tupga yaqin pavloniya ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Mutasaddilarning aytishicha, MChJ hududida tabobat uchun ishlatiladigan dorivor giyohlarni ekib, ko‘paytirish ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, 4 ming dona «Lucium barbarium» navli qizil «GODJI» bog‘i tashkil etish uchun 1 gektar yer maydoni ekishga tayyorlab qo‘yilgan. MChJ muhandis texnik xodimlari tashabbus bilan chiqib, o‘z hisoblaridan 50 kilogramm za’faron piyozi olib kelinib, ko‘paytirish maqsadida ekildi. Yana 1 gektar maydonga «Stiviya» va boshqa dorivor o‘simliklaridan ham ekib, parfumeriya va farmatsevtika sanoati rivoji uchun xom ashyo mahsulotlari yetishtirish maqsad qilingan.
«Sho‘rtan yashil makon» MChJ direktori, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zosi Navro‘z Berdiyevning ta’kidlashicha, joriy yilning «Kuzgi ko‘chat ekish mavsumi» davomida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Korxona tomonidan 20 ming tup har xil turdagi manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari agrotexnik tadbirlar asosida ekildi. Ekishga tayyor bo‘lgan 3 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari G‘uzor tumani va Qarshi shahridagi mahallalarga beg‘araz yetkazilgan bo‘lsa, 22 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari korxona va tashkilotlarga shartnoma asosida yetkazib berildi.
Jamiyatning 2024-yil uchun ham rejalari bisyor. Kelgusi yilda hamkor tashkilotlarga 1 million dona ko‘chat yetkazib berishni maqsad qilgan jamiyat ishchilari 1 million tupdan ortiq sensa nihollarini ko‘chirib o‘tqazishmoqda. Shuningdek, «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish» boshqarmasi hududidagi 2 gektar, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi»dagi 6 gektar yer maydonida iqlimga mos manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib parvarishlash uchun uchastkalar tashkil qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas». Ushbu loyiha natijasida, G‘uzor cho‘llari bag‘rida joylashgan neft va gaz klasterining yashil qalqonini yaratish borasidagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda. Cho‘l o‘rtasidagi yashil maydonlar esa kundan kunga kengaymoqda.
Sojida Allayorova,
O‘Zbekiston Ekologik partiyasi
Qashqadaryo viloyati Kengashi
bosh mutaxassisi