Barqaror taraqqiyot kelajak asosi
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ majlislar zalida O‘zbekiston Ekologik partiyasining 5 yilligi munosabati bilan “Barqaror taraqqiyot kelajak asosi!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bayram tadbirida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ rahbariyati va xodimlari, ekolog olimlar, viloyatdagi nuroniylar, viloyat, tuman/shahar partiya tashkiloti raislari, deputatlar, Ayollar va yoshlar qanoti faollari, namunali BPT raislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda OAV ishtirok etishdi.
Tadbirida so‘z olgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxriddin Xafizov partiyaning Qashqadaryo viloyatidagi faollarini, ko‘pming sonli a'zolarini va tadbir ishtirokchilarini partiya tashkil topganining 5 yilligi bilan tabrikladi. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida bajarilgan ishlar, o‘tkazilgan yirik loyihalar haqida gapirdi.
Ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida Xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman kengashiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat Asliddin Isoqov ijrosida kontsert dasturi namoyish etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Nosir Xalimov yig‘ilganlarni partiyaning 5 yilligi bayrami bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng, ekranda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan o‘tgan 5 yil davomidagi faoliyati, yirik loyihalar namoyish etildi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlar ham partiya faollarini 5 yillik bayram bilan tabriklashdi.
Tadbirda ta'kidlanishicha, bugungi kunda viloyatning 16 ta tuman (shahar)larida partiya tashkilotlari faoliyat olib boradi. Ayni kunda jami a'zolar soni 34 ming nafarni tashkil etadi. Partiyaning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan boshlang‘ich partiya tashkilotlari 341 tani tashkil etib, BPT faoliyatini takomillashtirish, ish samaradorligini oshirish, partiya safiga yangi a'zolarni qabul qilish, a'zolik badallari rejasini bajarish kabi qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Besh yillikda erishgan eng yaxshi natijalardan biri bu shubhasiz - O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashining yangi binoga ega bo‘lishi bo‘ldi. Qarshi shahar, “Olchin ko‘cha” 2-uyda joylashgan zamonaviy bino partiya tashkiloti balansiga o‘tkazib berildi va yangi zamonaviy bino partiya faollari va aholi uchun yangi imkoniyatlarni ochayapdi. Yoshlarni bu maskanda yangi g‘oyalarni ilgari surishdek ijobiy o‘zgarishlar qilishga undayapdi.
Shuningdek, 2023-yilning 9-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi munosib ishtirok etdi.
Tadbir davomida faol ekolog olimlar, viloyat, tuman/shahar kengashlari deputatlari, ekologiya yo‘nalishidagi NNTlar, Yoshlar va ayollar qanoti faollari, partiya xodimlari, faol BPTlar, hamkor tashkilot rahbarlari va xodimlariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.