Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Joriy yilning 18-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish, ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun munosib javobgarlik choralarini belgilash hamda ushbu huquqbuzarliklarning oldini olishga maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, jumladan ularni noqonuniy ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, olib chiqish, o‘tkazish yoki olib kirish uchun amalda belgilangan javobgarlik sanksiyalari kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolatishi ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini aniqlash hamda ularning oldini olishga, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki xavfsizligini ta’minlashga, jamoat tartibini saqlashga, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qilishi, shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish masalasi partiya dasturiy maqsadi va elektorat manfatlariga to‘la mos ekanligi qayd etildi.
Qizg‘in bahs munozaralar yakunida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi hamda qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.