Mehnatga yarasha rag‘bat — samaradorlik asosi
Mehnatga yarasha hurmat va rag‘bat bu albatta ish rivoji va ishchanlik salohiyatini oshiradi. Yurtimiz ekologiyasini asrab-avaylash, hududlarda nazorat tadbirlarini o‘tkazish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish, yurtdoshlarimizda ekologiyaga daxldorlik hissini oshirish va ularni birlashtirish yo‘lida faollik bilan harakat qilayotgan xodimlarning xizmatini O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamisha munosib e’tirof etishga harakat qilgan.
Partiya oldidagi maqsad va vazifalarini belgilangan tarzda amalga oshirilgani, murojaatlarni tezkor o‘rganib, hal etishga kirishilgani sabab viloyatlarda partiyamizga odamlarning ishonchi sezilarli ortganini payqayapmiz. Shu sabab o‘z ixtiyori bilan partiyamiz a’zolari safiga qo‘shilayotganlar ham ko‘payib bormoqda.
Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, partimiz a’zolarining eng ko‘pi Jizzax viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, partiyamizning dasturiy maqsad va g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, aholi orasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini o‘z vaqtida, namunali o‘tkazishda ham Jizzax viloyat partiya tashkiloti xodimlarining yuqori salohiyati yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Kuni kecha O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida Jizzax viloyat hamda tuman (shahar) partiya tashkilotlari faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan tadbirda ham bu alohida ta’kidlandi.
Unda so‘z olgan partiya rahbari Abdushukur Xamzayev Jizzax viloyati partiya tashkiloti faoliyatining namunali tomonlari va o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib kelayotgan xodimlarning ishchanligini alohida e’tirof etdi.
Nominatsiyalar bo‘yicha xodimlarning ishi baholanib, partiyaning tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Mehnatlari munosib rag‘batlantirilganidan mamnun bo‘lgan xodimlar ushbu mukofotlar kelgusi faoliyati uchun ularni yanada ruhlantirishi, yangi maqsadlarga undashini qayd etishdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi Axborot xizmati