O‘ZBEKISTON EKOLOGIK PARTIYASI FRAKSIYASINING YURTDOSHLARIMIZGA MUROJAATI
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, Aziz saylovchilar!
Insoniyat bugun global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq umumbashariy ekologik muammolar har tomonlama avj olayotgan o‘ta murakkab zamonda yashamoqda. Insoniyat ushbu muammolarga qarshi daxldorlik hissi ila bir bo‘lib kurashmas ekan, mazkur xavf-xatarlar shiddat bilan rivojlanaveradi.
Bugungi kunda o‘simlik dunyosi resurslarining iqlim o‘zgarishlari va antropogen ta’sir ostida keskin ravishda qisqarishi va ular muhofazasi mazkur global ekologik muammolarning asosiy bo‘lagi bo‘lib qolmoqda. Shu sababli ham mamlakatimizda yashillik olamini saqlash va ko‘paytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur loyiha asosida har yili 200 million tup tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish maqsad qilindi.
Ma’lumki, fuqarolarimizning umumxalq ovozi bilan qabul qilingan Bosh qomusimizda ekologik normalar alohida bobda yanada mustahkamlandi. Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida beshta ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida atrof muhit muhofazasining, xususan “Yashil makon” umummilliy loyihasining huquqiy asoslarini belgilanishi ham bejizga emas.
Azaliy an’analarimiz va qadriyatlarimiz asosida amalga oshirilayotgan mazkur ezgu loyiha fuqarolarimiz salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ona tabiatimizning ajralmas qismi bo‘lgan “yashil” hududlarni kengaytirish imkonini berish bilan bir qatorda yurtimizda mo'tadil iqlim hosil qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash orqali global iqlim o‘zgarishlarni oldini olishdagi milliy yechim hisoblanishi bilan ahamiyatlidir.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi butun mamlakat bo‘ylab umummilliy harakatga aylandi, milliy qadriyat sifatida qayta tiklanmoqda. Jinsi, irqi, millati, kasbidan qat’iy nazar, mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z xohish va irodasi bilan mazkur loyiha ishtirokchisi bo‘lmoqda.
Zero, mazkur loyiha xalqimiz orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlikni yanada kuchaytirish, yurtimizni obod va ko‘rkam bo‘lishiga zamin yaratadi, daraxt ekishni o‘ziga maqsad qilgan, mehnatkash bobo-dehqonlarimiz, shijoatli yurtdoshlarimizga kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari an’analarga sodiq qolgan holda shaxsiy namuna sifatida keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Toshkent shahrining Sergeli tumanida tashkil etilayotgan “Yoshlar bog‘i”da daraxt ekish tadbirida ishtirok etganliklarini alohida qayd etish lozim.
Darhaqiqat, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, daraxt ekish hayotimiz mazmuniga aylanishi kerak. "Yashil makon" - vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatimizdir.
Aziz yurtdoshlar, hurmatli fuqarolar!
Ona tabiatga e’tiborli yashash faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutish demakdir. Shunday ekan, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga sodiqlik timsoli sifatida mamlakatimiz hududini bog‘u-bo‘stonga aylantirishga yo‘naltirilgan “Yangi makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirlarida faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyoti uchun hissa qo‘shaylik!
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi