Soxta kashtan
O‘zbekiston Ekologik partiyasi olimlar korpusi vakillari tomonidan yurtdoshlarimizga "Yashil makon" umummilliy loyihasi davomida ekish tavsiya etiladigan ko‘p yillik manzarali daraxt turlari haqida ma’lumot berib boramiz.
Soxta kashtan (Aesculus hippocastanum L.). Balandligi 40 metrgacha yetadigan yirik daraxt bo‘lib, barglari to‘liq yozilib bo‘lganda (may-iyun oylarida) gullaydi.
Soxta kashtan odatda bir uyli o‘simlik bo‘lsa-da, ikki uyli tuplari ham uchraydi. Gullari shamol vositasida va hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasi oktabr oyining boshlarida yetiladi va noyabr oyi davomida yerga to‘kiladi. Bu vaqtda qattiq tikanli sharsimon o‘ramasi 4 qismga ajraladi. O‘rama ichida 1 tadan 3 tagacha yong‘oq bo‘ladi. Mevasi yupqa yog‘ochlangan, dag‘al, jigar rangda, yaltiroq, tub qismida rangli dog‘i bor.
Soxta kashtan yosh vaqtida tez o‘sadi. Ildizi o‘q ildiz bo‘lib, yerga chuqur kirib boradi. To‘nkasidan ko‘karadi, ko‘p yil yashaydi, 1000 yillik daraxtlari qayd etilgan. U Kavkazning g‘arbiy hududidagi o‘rmonzorlarida, Kichik Osiyoning shimoliy qismida va O‘rtayer dengizi atrofidagi hududlarida, asosan Bolgariya va Gretsiyada keng tarqalgan.
Soxta kashtan O‘zbekistonda aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirishda istiqbolli tur hisoblanadi. Soxta kashtan istirohat bog‘lariga, xiyobonlarga, dam olish maskanlariga ekish uchun tavsiya etiladi. Landshaft qurilishda foydalaniladi.