Yashil makon: Har birimizning vijdon amrimiz, ona tabiatning haqli talabi
Yurtimiz bo‘ylab «Yashil makon» umummilliy loyihasining 2024-yil bahorgi mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Go‘zal an’anaga aylanib borayotgan ushbu daraxt ekish loyihasi o‘zida avlodlarga obod vatanni, toza, sof atrof-muhitni, sog‘lom tabiatni meros qoldirishdek ezgu va hayotbaxsh maqsadni jamlagan.
Ekilgani emas, ko‘kargani hisob
Har yili bahor va kuz mavsumida mamlakatimiz bo‘ylab millionlab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Ammo yerga qadalgan bu ko‘chatlar joyida ildiz otib, ko‘karib ketdimi? Parvarishi bilan kimdir shug‘ullanyaptimi?
Gapning indallosini aytsak, ilgari mana shu jihatlar ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketayotgan edi. Ammo endi bunday bo‘lmaydi. Chunki endi ekilgani emas, ko‘kargani hisob.
O‘ylab ko‘raylik, agar o‘tgan yillar davomida ekilgan ko‘chatlar vaqtida sug‘orilib, agrotexnika talablari asosida parvarishlanganda, allaqachon yurtimizning asosiy qismi yashillikka burkangan, har qadamda bog‘-rog‘lar yashnagan bo‘lardi. Biroq, achchiq haqiqat shuki, shu kungacha ekilgan ko‘chatlar hisobi yuritilib kelindi, xolos. Ularning keyingi taqdiri bilan esa ko‘pchiligimiz qiziqmadik yoki mas’uliyatsizlik qildik, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Barchamizga ma’lumki, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hududlarda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan. Buning uchun har bir viloyat bahor va kuz mavsumida 15 million tup daraxt ko‘chatlari ekishi, barcha shaharlar atrofida «yashil belbog‘lar» tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida «Yashil makon» loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham yana bir bor yashil maskanlarni ko‘paytirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Davlat rahbarining to‘g‘ri tanqidi
Bu yil bahorda «Yashil makon» loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish belgilangan, ammo, aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagan, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagan.
Masalan, bog‘ uchun Qoraqalpog‘istonda 47 gektar, Namanganda 25 gektar va Qashqadaryoda 26 gektar yer ajratilib, ishlar boshlab yuborilgan. Lekin Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari haligacha qaror qabul qilmagan.
Shuningdek, Taxiatosh, Mirzacho‘l, Zafarobod, Sharof Rashidov, Sirdaryo, Oqoltin, Xovos, Sardoba, Guliston, Xonobod, Termiz, Yangiyo‘l shaharlari, Toshkent shahrining 12 ta tumanida ko‘chat ekish rejasi 30 foizga ham bajarilmagan.
Joylarda, ayniqsa avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalarida, mahallada, ko‘chada, ko‘p qavatli massivlarda daraxt va gul ekish, ozodalikni ta’minlash ishlari judayam sust. Qurilish tashkilotlari, sement, g‘isht, ohak, neft-gaz va kimyo, bo‘yoq, charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, issiqlik korxonalari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘z faoliyati bilan atrof-muhitga ko‘rsatayotgan ta’siriga yarasha daraxt ekish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayapti.
Tan olishimiz kerak, ba’zida eshigimizning tagidagi bir dona ko‘chatga suv quyishga erinib qolyapmiz. Hech o‘zimizga savol berib ko‘rganmizmi, shu yoshgacha nechta dona daraxt ekib, ko‘kartirib, voyaga yetkaza oldik? Mana buning ko‘chatini men ekkanman, deya maqtana oladigan o‘z daraxtimiz bormi?
Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish, umummilliy harakatga aylantirishda targ‘ibot va tushuntirish ishlari, namuna ko‘rsatish yetarli emasligi davlat rahbari tomonidan haqli tanqid ostiga olindi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek ayrim rahbarlar bu ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Xususan, ko‘chatlar sug‘orish tizimi yo‘q hududlarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud bo‘lgan. Daraxt ko‘chatlarini yo‘llar bo‘yida ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda umuman bajarilmagan.
Yashillik darajasi qisqarayotgan hududlar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha hududdagi jami 17 ta tuman (shahar)lardan 15 ta tuman (shahar)da 1 tadan hudud O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu hududlarda 1 125 dona qarovsiz qolgan daraxtlar aniqlangan. Shundan, Taxiatosh (579 dona), Qo‘ng‘irot (346 dona), Qonliko‘l (200 dona) tumanlarida daraxtlar qarovsiz qolib, qurib qolgani hammamizning mas’uliyatsizligimiz, faqat ko‘chat ekib, keyingi parvarishga butunlay
bee’tibor bo‘lganimiz oqibati emasmi?
Toshkent viloyati hududida ham mavjud 22 ta tumandagi o‘rganish natijalari ko‘ra, 62 000 dona qarovsiz qolgan daraxtlar aniqlangan. Jumladan, Nurafshon shahar (1200 dona), Bo‘ka (5600 dona), Oqqo‘rg‘on (4500 dona), Quyi Chirchiq (2500 dona), O‘rta Chirchiq (800 dona), Piskent (8000 dona), Chinoz (3400 dona) tumanlarida daraxtlar qurib qolgan.
Qashqadaryo viloyatining ham ayrim hududlari o‘rganilganda qarovsizlikdan jami 1 million 420 ming dona daraxt qurib qolganiga guvoh bo‘ldik. Bu qurib qolgan minglab ko‘chatlar tufayli qancha mablag‘, mehnat, vaqt havoga uchdi. Eng achinarlisi, yashillik yaratishga bo‘lgan ulug‘ maqsadga befarq bo‘ldik.
Biz mamlakatimizda yashillikning ko‘payishini istasak, albatta, bunday holatlar qayta takrorlanmasligiga o‘ta jiddiy qarashimiz, bu xatolarni aslo takrorlamasligimiz kerak.
Yig‘ilishda davlat rahbari «Yashil makon» doirasidagi ustuvor vazifalarni ham belgilab berdi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatida daraxt ekish bo‘yicha boshlangan loyihaga asosan, Nurafshon, Bekobod shahri, O‘rta Chirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Har 1 gektar uchun mahalliy budjetdan 100 million so‘m ajratilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi. Yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga o‘zi istagan turdagi ko‘chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.
– Ijtimoiy obyektlarga ko‘chatlarni bepul yetkazib berish bo‘yicha o‘tgan yili boshlangan amaliyot bu yil ham davom ettiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularga 4 milliondan ziyod ko‘chat bepul tarqatiladi. Bu ishlar eng avvalo yurtimizda yashillik darajasini oshirib, kuchayib borayotgan turli ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan bir qancha muddat ilgari so‘nggi 6 yilda Buxoro shahrida yashillik darajasi 37 foizga, poytaxtda esa 25 foizga qisqargani haqida tadqiqotga ko‘zimiz tushdi.
Poytaxtda yashil fitomassa qisqarishining eng intensiv yuqori ko‘rsatkichi Olmazor tumanida kuzatilgan bo‘lib, bu tumanda yashillik darajasi 37 foizgacha, eng past qiymat, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 18 foizgachani tashkil etgan. Endi o‘ylab ko‘ring, o‘tgan yillar davomida ushbu hududlarda daraxt ekilmadi, ko‘chat qadalmadimi? Ekildi albatta. Ammo loqaydligimiz tufayli, ular unib-o‘smadi. Hech birimiz ushbu ko‘chatlarga sohib chiqib, jaziramada bir chelak suv quyishga yaramadik. Ammo jaziramada bir soya-salqin joy qidirib, daraxt bor joyga yugurishni oddiy hol deb bilishimiz qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?
Bobomeros an’analar
Xalqimizning qadimdan ekologik madaniyati juda yuqori bo‘lgan. Shu jumladan, daraxt ekishga ham katta e’tibor qaratilgan. Hovli sahnida gul-rayhonlar, jambillar parvarishlash azaliy odatlarimizdan hisoblangan. Ularsiz biror xonadonni tasavvur qilish qiyin bo‘lgan. Qolaversa, bola tug‘ilganda, tug‘ilgan kunlarda, qutlug‘ yoshga yetgan kishilarga atab daraxt ekish an’ana, urfga aylangan. Bu ezgu an’analar tagida judayam chuqur ma’no bor. Avvalo bunday qadriyatlar biz insonlarni ona tabiat bilan chambarchas bog‘lab turgan. O‘tgan zamonda gapirayotganimizning sababi bugungi kunga kelib bu qadriyatlar tobora unutilib bormoqda. Hovlilardagi yashil qismlar tobora qisqartirilib, suvni haddan ortiq isrof qilishga olib keladigan kafellar, buruschatkalar hovlilarimizning asosiy bezagi bo‘lib qoldi. Afsuski, bu mikroiqlimga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.
Ayniqsa, rayhon yetishtirish orqali ham daromad, ham salomatligimizni, ham mikroiqlimni yaxshilash mumkin bo‘lgan joyda biz yutqizyapmiz, desak ham bo‘ladi.
Rayhon chang-g‘uborlarni kamaytirib, xush kayfiyat berish bilan birga, mikroiqlimni yaxshilaydi. Masalan, rayhonning uch yuzdan ortiq navi bo‘lib, oq rayhon, sadarayhon, hoji rayhon, qora rayhon kabilar bizda ko‘p uchraydi. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, rayhon inson salomatligi uchun koni foyda. Issiq haroratdan paydo bo‘luvchi bosh og‘rig‘ini rayhon hidlab aritish mumkin.
Safar chog‘idagi charchoq va ko‘ngil behuzurligini ham bir shox rayhon hidi bartaraf etishga qodir. Zamonaviy tibbiyotda u tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari, badbo‘ylikni aritish xususiyatiga ham ega. Masalan, tish toshlari va milk kasalliklari oqibatida paydo bo‘luvchi og‘iz hidlanishidan rayhon chaynab vaqtincha xalos bo‘lish mumkin.
Uy ichida bir dasta rayhon saqlash orqali nafaqat xona havosini xushbo‘ylantirish, balki hasharotlardan ham qutulish mumkin. Shunday ekan, hovli joylarimizga rayhon ekib, atrofdagi odamlarga ham xush kayfiyat bag‘ishlaylik, salomatligimizni ham asraylik.
Bundan tashqari yuqorida aytib o‘tganimizdek tug‘ilgan kunu yubileylarda daraxt ekish an’anasini ommalashtirishga har birimiz hissa qo‘shmog‘imiz kerak. Daraxt ekish, tabiatga mehrni har birimiz o‘z oilamizdan, mitti farzandimizdan boshlasak, bu, albatta, o‘z mevasini beradi. Farzand esini taniganidan bu sening daraxting, senga atab ekilgan degan so‘zni eshitganda unda o‘z-o‘zidan shu o‘simlikka mehr uyg‘onadi, egalik hissi bilan uni parvarish qiladi. Bugungi dolzarb ekologik vaziyatlarda bunday kichik bo‘lsa ham ammo natijasi beqiyos an’anaviy uslublardan foydalanish katta samara beradi, deb o‘ylaymiz.
Ekologiyamizni asrash, yurtimizni obod manzilga, yashil makonga aylantirish uchun albatta bir tashlandiq yerni bog‘ qilib, katta ish qilish shart deb tushunmaslik kerak. Bunga hammaning ham imkoni bo‘lmasligi mumkin. Ammo har birimiz o‘z ko‘chamizga, o‘z xonadonimizga ko‘chat ekib, rayxonu jambillar, gullarni parvarishlash bilan ham «Yashil makon»ga o‘z hissamizni qo‘sha olamiz.
Ezgu niyatda boshlangan loyihaga allaqachon start berildi. Kelajak avlodlarimiz yashil, obod yurtda yashashini istagan, ularga toza havo kerak, degan har bir yurtdoshimiz ushbu loyihada vijdonan qatnashishi shart. Albatta biror tashkilot yoki mansabdor shaxs kelib daraxt ekib ketishini kutish kerak emas. Har birimizning qo‘limizdan keladi, xoh u ko‘p qavatli uylar hovlisi bo‘lsin, xoh u o‘z hovlingiz — ko‘chat eking, uni parvarish qiling, ona tabiat bilan hamohang yashang. Zero, bu davr, vaziyat, ona tabiatning talabi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Abdushukur Хamzayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi raisi